Firibgarlikdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar

Firibgarlar bank tizimini buzib kirishga harakat qilmaydi. Ular insonni nishonga oladi: qo‘rquv, shoshilinchlik va rasmiylik illyuziyasini yaratadi. Ularning yagona maqsadi - sizni kodni o‘zingiz aytishga, dastur o‘rnatishga yoki pul mablag‘larini o‘tkazishga undash.
Quyida o‘zini amalda oqlagan qoidalar keltirilgan.
1. Bank hech qachon maxfiy ma’lumotlarni so‘ramaydi
Bank xodimi, xavfsizlik xizmati vakili, prokuratura, Majburiy ijro byurosi (MIB), soliq organlari, Markaziy bank yoki boshqa davlat idoralarining xodimlari telefon orqali, messenjerlarda yoki havola orqali quyidagi ma’lumotlarni so‘ramaydi:
- SMS yoki push-xabarnomada kelgan kodni;
- CVV/CVC kodini (kartangizning orqa tomonidagi uch xonali xavfsizlik kodi);
- PIN-kodni;
- mobil ilovadagi login va parolingizni;
- kod so‘zini (Bankka o‘zingiz murojaat qilgan holatlar bundan mustasno).
Agar sizdan bunday ma’lumotlarni so‘rashsa - telefonni qo‘ying. Bu firibgar.
Haqiqiy bank xodimi sizning operatsiyalaringizni tizim orqali ko‘rishi mumkin va kodlarga ehtiyoj sezmaydi.
Qoida: suhbatni darhol yakunlang.
2. Telefon raqami bank raqamiga o‘xshasa ham, qo‘ng‘iroqqa ishonmang
Har qanday qo‘ng‘iroq va olingan ma’lumotga tanqidiy yondashing.
Firibgarlar telefon raqamini soxtalashtirishi (spoofing) mumkin. Qo‘ng‘iroq «bank raqamidan», xorijdan yoki Telegram/WhatsApp orqali amalga oshirilayotgandek ko‘rinishi mumkin.
Davlat organlari (Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi, MIB, Prokuratura) fuqarolarga bank hisobvaraqlari yoki kreditlar masalalari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilmaydi.
Qoida: suhbatni darhol yakunlang.
3. Dasturlarni o‘rnatmang va shubhali havolalarga o‘tmang
Sizdan «xavfsizlik ilovasi», «bank antivirusi» yoki masofadan turib boshqarish dasturini (AnyDesk, TeamViewer va boshqa shunga o‘xshash dasturlar) o‘rnatish so‘ralishi mumkin. Buni qilmang. Bunday dasturlar SMS orqali kelgan kodlarni «o‘qishi» va firibgarlarga telefoningiz ustidan to‘liq nazoratni berishi mumkin.
SMS, Telegram, WhatsApp va boshqa manbalardan kelgan shubhali havolalarga hech qachon kirmang.
Yuborilgan havola firibgarlik tuzog‘i bo‘lishi mumkinligini qanday aniqlash mumkin?
· Havola nomi .apk (yoki .pdf yoki .xyz) bilan tugaydi — ochmang!
Masalan: bank_xavfsizlik.apk, SudgaChaqiruv.apk, CBU.apk, bu_sizning_suratingiz.apk.
· Havolada quyidagi so‘zlar mavjud: bonus, update, secure, support, download.
· Havolada quyidagi qisqartirilgan manzillar mavjud: bit.ly, t.me/...
· Havola oddiy veb-sayt manziliga o‘xshaydi va “//...” bilan boshlanadi.
Masalan: //mygov-uz.net/sud.pdf
Aslida esa bunday havola PDF faylni emas, balki soxta dasturni yuklab olishni boshlashi mumkin.
Qoida: ilovalarni faqat rasmiy ilovalar do‘konlaridan (Google Play, App Store) o‘rnating.
4. Pul mablag‘larini «xavfsiz hisobvaraq»qa o‘tkazmang va «himoyalanish uchun» kredit rasmiylashtirmang
Firibgarlikning keng tarqalgan sxemalaridan biri: «Pulingiz xavf ostida, zudlik bilan uni maxsus (xavfsiz) hisobvaraqqa o‘tkazing» yoki «Kredit rasmiylashtiring va uni darhol so‘ndiring».
Bunday «xavfsiz hisobvaraqlar» mavjud emas.
Agar sizga «nomingizga rasmiylashtirilgan begona kreditni bekor qilish» taklif qilinsa - bu firibgarlikdir.
Qoida: suhbatni darhol yakunlang.
Har kun uchun qisqa tekshiruv:
· Har qanday qo‘ng‘iroq va ma’lumotga tanqidiy yondashing.
· Shubhalansangiz -telefonni qo‘ying.
· SMS orqali kelgan kodni hech kimga aytmang.
· Noma’lum xabarlardagi havolalarni ochmang.
· «Tekshirish uchun» taklif qilinayotgan dasturlarni o‘rnatmang.
· Shoshiltirish va tahdid qilish - firibgarlikning asosiy belgilaridan biridir.
Moliyaviy xavfsizlik - ma’lumot manbasini tekshirish va qo‘rquv ta’sirida qaror qabul qilmaslik odatidir.